Keyingi realizatsiya qilish narxi usuli nazorat qilinadigan bitim narxining ushbu nazorat qilinadigan bitimda (bir turdagi bitimlar guruhida) olingan tovarni keyingi realizatsiya qilishda (qayta sotishda) nazorat qilinadigan bitim tarafi tomonidan olingan yalpi rentabellikni taqqoslash asosida bozor narxlariga muvofiqligini aniqlashni nazarda tutadi. Ushbu usuldan foydalanilganda yalpi rentabellikning bozor oraligʻi ushbu Kodeksning 187-moddasida nazarda tutilgan tartibda aniqlanadi. Keyingi realizatsiya qilish narxi usulidan foydalanish narxlarning bozor narxlariga muvofiqligini aniqlash uchun boshqa usullarga nisbatan ustuvor boʻlib, unga koʻra tovar nazorat qilinadigan bitim doirasida olinadi va taraflari mustaqil shaxslar boʻlgan bitim doirasida qayta ishlanmagan holda qayta sotiladi. Agar qayta sotishni amalga oshirayotgan shaxs uning yalpi rentabelligi darajasiga sezilarli taʼsir koʻrsatadigan nomoddiy aktivlar obyektlariga egalik qilmasa, mazkur usuldan foydalaniladi. Agar tovar qayta sotilganda quyidagi operatsiyalar amalga oshirilsa ham keyingi realizatsiya qilish narxi usulidan foydalanish mumkin: 1) tovarni qayta sotishga va transportda tashishga tayyorlash (tovarlarni turkumlarga ajratish, joʻnatmalarni shakllantirish, saralash, qayta oʻrash); 2) agar yakuniy mahsulotning (yarim tayyor mahsulotlarning) xususiyatlari aralashtiriladigan tovarlarning xususiyatlaridan sezilarli farq qilmasa, tovarlarni aralashtirish. Agar tovarni mustaqil shaxslarga keyingi realizatsiya qilish taqqoslanadigan tijorat shartlarida va (yoki) moliyaviy shartlarda turli narxlarda amalga oshirilsa, rentabellik oraligʻini aniqlashda tovarni keyingi realizatsiya qilish narxi sifatida barcha shunday bitimlar boʻyicha ushbu tovarning oʻrtacha narxidan foydalaniladi. Agar qayta sotishni amalga oshirayotgan shaxsda yalpi rentabellik ushbu Kodeksning 187-moddasida nazarda tutilgan tartibda aniqlangan rentabellik oraligʻi chegarasida boʻlsa, soliq solish maqsadida nazorat qilinadigan biti