Soliq kodeksi 20-modda. Soliq toʻlovchilar

Ushbu Kodeksga muvofiq zimmasiga belgilangan soliqlar hamda yigʻimlarni toʻlash majburiyati yuklatilgan yuridik va jismoniy shaxslar soliq toʻlovchilar deb eʼtirof etiladi. Yuridik shaxslarning alohida boʻlinmalari mazkur shaxslarning soliqlar va yigʻimlarni toʻlash boʻyicha majburiyatlarini ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda va tartibda ushbu alohida boʻlinmalar joylashgan yeri boʻyicha bajaradi. Yirik soliq toʻlovchilar toifasiga kiritilgan soliq toʻlovchilar alohida boʻlinmalarni hisobga olib markazlashgan holda soliq hisobotini taqdim etadi va soliqlarni (yigʻimlarni) toʻlaydi. Ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda yuridik shaxs tashkil etmagan holdagi chet el tuzilmalari soliq toʻlovchilar deb eʼtirof etiladi.