Yuridik shaxs qayta tashkil etilganda uning soliq majburiyati ushbu moddada belgilangan oʻziga xos xususiyatlar hisobga olingan holda, ushbu Kodeksning 92-moddasiga muvofiq oʻzining huquqiy vorisi (huquqiy vorislari) tomonidan bajariladi. Yuridik shaxs qayta tashkil etilganda, qayta tashkil etish shaklidan qatʼi nazar, qayta tashkil etilgan yuridik shaxsga qoʻyilgan va (yoki) ushbu shaxs tomonidan tovarlarni (xizmatlarni) olishda (olib kirishda) toʻlangan, lekin u tomonidan hisobga olish uchun qabul qilinmagan soliq summasi ushbu boʻlimda nazarda tutilgan tartibda ushbu yuridik shaxsning huquqiy vorisida, agar huquqiy voris soliq toʻlovchi sifatida roʻyxatdan oʻtkazilgan boʻlsa, hisobga olinishi lozim. Soliq summalarini hisobga olish qayta tashkil etilgan yuridik shaxsning huquqiy vorisi tomonidan qayta tashkil etilgan yuridik shaxs tovarlarni (xizmatlarni) olganda, unga taqdim etilgan hisobvaraq-fakturalar asosida, shuningdek huquqiy voris tovarlarni (xizmatlarni) olganda unga taqdim etilgan hisobvaraq-fakturalar asosida amalga oshiriladi. Soliq summalarini hisobga olish qayta tashkil etilgan yuridik shaxs tomonidan tovarlar (xizmatlar) olinishi bilan bogʻliq majburiyatlar boʻyicha qarz huquqiy vorisga oʻtkazilganidan keyin toʻliq hajmda amalga oshiriladi. Agar qayta tashkil etilgan shaxs ushbu Kodeksning 274-moddasiga muvofiq soliqning oʻrni qoplanishi huquqiga ega boʻlsa, lekin soliqning oʻrni qoplanishi lozim boʻlgan summasi qayta tashkil etish tugallanguniga qadar unga qoplanmasa, koʻrsatilgan soliq summasining oʻrni uning huquqiy vorisiga qoplanadi. Agar yuridik shaxs qayta tashkil etilganda uning huquqiy vorisi (huquqiy vorislari) soliq toʻlovchi boʻlmasa, qayta tashkil etilayotgan shaxs ushbu boʻlimda belgilangan tartibda soliqni hisobga olish uchun qabul qilingan soliq summasiga tuzatish kiritishni amalga oshirishi kerak.