Soliq kodeksi 298-modda. Amortizatsiya qilinadigan aktivlarning va boshqa mol-mulkning chiqib ketishidan olinadigan daromadlar (zararlar)

Ushbu moddaga muvofiq aniqlanadigan, chiqib ketishdan olinadigan moliyaviy natija amortizatsiya qilinadigan aktivlarning va boshqa mol-mulkning chiqib ketishidan olinadigan daromad (zarar) deb eʼtirof etiladi. Amortizatsiya qilinadigan aktivning chiqib ketishidan olinadigan moliyaviy natija (foyda yoki zarar) amortizatsiya qilinadigan aktivning chiqib ketishidan olinadigan daromaddan uning qoldiq qiymatini chegirib tashlash orqali aniqlanadi. Amortizatsiya qilinadigan aktivning qoldiq qiymati ushbu Kodeks 306-moddasining yigirma beshinchi va yigirma oltinchi qismlariga hamda 307-moddasining yettinchi qismiga muvofiq aniqlanadi. Amortizatsiya qilinadigan aktivning chiqib ketishidan olinadigan moliyaviy natijani (foydani yoki zararni) aniqlashda bunday aktiv boʻyicha 2021-yilning 1-yanvar holatiga koʻra toʻplangan qoʻshimcha baholash summasi (ilgari qayta baholangan narxini oshirish summasining oldingi narxni pasaytirish summasidan ortiq summalari) amortizatsiya qilinadigan aktivning chiqib ketishidan olinadigan daromad tarkibiga kiritiladi. Boshqa mol-mulkning chiqib ketishidan olinadigan moliyaviy natija buxgalteriya hisobi toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq aniqlanadi. Mazkur qismning qoidalari ushbu Kodeksning 45-bobiga muvofiq soliq bazasini aniqlashning oʻziga xos xususiyatlari nazarda tutiladigan mol-mulkning chiqib ketish hollariga nisbatan tatbiq etilmaydi.