Normativ-huquqiy hujjat yoki uning bir qismi, agar mazkur hujjatga nisbatan quyidagi shartlardan hech boʻlmaganda bittasi bajarilsa, ushbu Kodeksning qoidalariga muvofiq emas deb topiladi: 1) ushbu Kodeksga muvofiq bunday hujjatlarni qabul qilish huquqiga ega boʻlmagan organ tomonidan qabul qilingan boʻlsa yoxud normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilishning belgilangan tartibi buzilgan holda qabul qilingan boʻlsa; 2) soliq munosabatlari subyektlarining ushbu Kodeksda nazarda tutilgan huquqlarini bekor qilsa yoki cheklasa; 3) soliq munosabatlari subyektlari harakatlarining ushbu Kodeksda belgilangan asoslarini, shartlarini, ketma-ketligini yoki tartibini oʻzgartirsa; 4) ushbu Kodeksda taqiqlangan harakatlarga ruxsat bersa yoki yoʻl qoʻysa; 5) ushbu Kodeksning normalariga yoki qoidalarining mazmuniga boshqacha tarzda zid boʻlsa. Ushbu Kodeksga muvofiq boʻlmagan normativ-huquqiy hujjatni qabul qilgan organ yoki uning yuqori turuvchi organlari bu hujjatni bekor qilishga yoki unga zarur oʻzgartishlar kiritishga haqli. Bu organlar ushbu Kodeksga muvofiq boʻlmagan normativ-huquqiy hujjatni bekor qilishni yoki unga zarur oʻzgartishlar kiritishni rad etgan taqdirda, u sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin. Normativ-huquqiy hujjat yoki uning qismi ular qabul qilingan sanadan eʼtiboran ushbu Kodeksga muvofiq emas deb topiladi.