Soliq kodeksi 303-modda. Uzoq muddatli kontraktlar boʻyicha daromadlar

Agar tuzilgan kontraktlar shartlarida xizmatlarni bosqichma-bosqich topshirish nazarda tutilmagan boʻlsa, uzoq texnologik siklli ishlab chiqarish (bir soliq davridan ortiq) boʻyicha mazkur xizmatlarni realizatsiya qilishdan olingan daromad hisobga olish maʼlumotlari asosida daromadni bir meʼyorda eʼtirof etish prinsipi inobatga olingan holda soliq toʻlovchi tomonidan taqsimlanadi. Uzoq muddatli kontraktni hisobot davrining oxiriga kelib haqiqatda ijro etish kontraktni bajarish boshlangandan eʼtiboran qilingan xarajatlarning solishtirma miqdorini kontraktni bajarishga doir xarajatlarning umumiy summasida hisob-kitob qilish asosida aniqlanadi. Hisobot davrining oxiridagi daromad qilingan xarajatlarning hisob-kitob qilingan solishtirma miqdori va kontrakt boʻyicha daromadning (kontrakt narxlari) umumiy summasidan kelib chiqib aniqlanadi. Mazkur kontrakt boʻyicha ilgari hisobga olingan daromadlar joriy hisobot davrida xizmatlarni realizatsiya qilishdan olingan daromadni aniqlash chogʻida chegirib tashlanadi.