Soliq kodeksi 315-modda. Zaxira fondlarini shakllantirish xarajatlari

Banklar va nobank kredit tashkilotlari, shuningdek sugʻurta tashkilotlari qonunchilik talablariga muvofiq zaxira fondlarini tashkil etadi. Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan zaxira fondlariga ajratmalar qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda, quyidagi normalar doirasida xarajatlar jumlasiga kiritiladi: banklar tomonidan — qonunchilikda belgilangan normaning 80 foizidan koʻp boʻlmagan miqdorda; nobank kredit tashkilotlari va sugʻurta tashkilotlari tomonidan — qonunchilikda nazarda tutilgan normalardan yuqori boʻlmagan miqdorda. Ushbu modda birinchi va ikkinchi qismlarining qoidalari sof foyda hisobidan shakllantiriladigan zaxira fondlarini tashkil etish hollariga nisbatan tatbiq etilmaydi. Haqiqiy xarajatlar, ularga nisbatan zaxira fondi shakllantirilgan boʻlsa, tashkil etilgan zaxira fondi summasi hisobidan hisobdan chiqariladi.