Quyidagilar yuridik shaxslardir: 1) Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiq tashkil etilgan yuridik shaxslar (Oʻzbekiston Respublikasining yuridik shaxslari); 2) chet davlatlarning qonunchiligiga muvofiq tashkil etilgan, fuqarolik huquqiy layoqatiga ega boʻlgan chet el yuridik shaxslari (shu jumladan kompaniyalar va boshqa korporativ tuzilmalar); 3) xalqaro tashkilotlar. Yuridik shaxsning hududiy jihatdan alohida boʻlgan, turgan yeri boʻyicha doimiy ish joylari jihozlangan har qanday boʻlinmasi Oʻzbekiston Respublikasi yuridik shaxsining alohida boʻlinmasidir. Yuridik shaxsning alohida boʻlinmasini eʼtirof etish, unga qanday vakolatlar berilganligidan va uning tashkil etilishi boʻyicha yuridik shaxsning taʼsis hujjatlarida yoki boshqa tashkiliy-boshqaruv hujjatlarida aks ettirilganligi yoki aks ettirilmaganligidan qatʼi nazar, amalga oshiriladi. Agar ish joyi bir oydan ortiq muddatga yaratilgan boʻlsa, u doimiy hisoblanadi. Oʻzbekiston Respublikasi yuridik shaxsi alohida boʻlinmasining joylashgan yeri ushbu yuridik shaxs mazkur alohida boʻlinma orqali faoliyat olib boradigan joydir.