Soliq kodeksi 403-modda. Soliq solish obyekti

Ish beruvchining xodimlar mehnatiga haq toʻlashga doir xarajatlari ijtimoiy soliqning (bundan buyon ushbu boʻlimda soliq deb yuritiladi) soliq solish obyektidir. Oʻzbekiston Respublikasi hududida ishlash uchun chet ellik xodimlar bilan taʼminlash yuzasidan xizmatlar koʻrsatishga doir shartnomalar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi norezidenti boʻlgan yuridik shaxsga toʻlanadigan chet ellik xodimlarning daromadlari ham soliq solish obyektidir. Jismoniy shaxslarning ayrim toifalari uchun ular tomonidan tadbirkorlik faoliyatini va (yoki) yakka tartibdagi mehnat faoliyatini amalga oshirish soliq solish obyektidir. Quyidagilar soliq solish obyekti hisoblanmaydi: ish beruvchining xodimga mehnatda mayib boʻlganligi yoki sogʻligiga boshqacha shikast yetganligi bilan bogʻliq zararning oʻrnini qoplash tarzidagi, ushbu Kodeks 369-moddasi ikkinchi qismining 10-bandida koʻrsatilgan miqdorlardan ortiqcha xarajatlari; paxta yigʻim-terimi boʻyicha mavsumiy qishloq xoʻjaligi ishlariga jalb qilingan jismoniy shaxslarning bu ishlarni bajarganligi uchun mehnat haqi toʻlashga doir xarajatlar; “Mahalla servis” kompaniyalarining mahallalarni obod qilish bilan bogʻliq ishlarni bajarayotgan hamda mahallalar aholisiga qonunchilikda belgilangan ayrim turdagi ijtimoiy ahamiyatli pulli xizmatlar koʻrsatayotgan xodimlariga mehnat haqi toʻlashga doir xarajatlari.