Soliq soliq bazasidan va belgilangan soliq stavkalaridan kelib chiqqan holda har oyda hisoblab chiqariladi. Soliq ish beruvchining va ayrim toifadagi jismoniy shaxslarning mablagʻlari hisobidan toʻlanadi. Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari xodimlari boʻyicha, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan xalqaro hukumatlararo tashkilotlarga kvota qilingan lavozimlarga xizmat safariga yuborilgan shaxslar boʻyicha soliqni toʻlash majburiyati Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining zimmasiga yuklatiladi. Soliq hisoboti soliq toʻlovchi tomonidan soliq boʻyicha hisobga olish joyidagi soliq organlariga har oyda hisobot davridan keyingi oyning oʻn beshinchi kunidan kechiktirmay, yil yakunlari boʻyicha esa — keyingi yilning 15-fevralidan kechiktirmay taqdim etiladi. Soliqni toʻlash har oyda, soliq hisobotini taqdim etish muddatlaridan kechiktirmay amalga oshiriladi.