Soliq har bir soliq davrining 1-yanvariga boʻlgan holatga koʻra hisoblab chiqariladi va soliq hisoboti yer uchastkasi joylashgan yerdagi soliq organiga quyidagi muddatlarga taqdim etiladi: qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yerlar boʻyicha — joriy soliq davrining 20-yanvaridan kechiktirmay; qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar boʻyicha — joriy soliq davrining 1-mayidan kechiktirmay. Soliq toʻlovchilar soliqni ushbu Kodeksning 427-moddasiga muvofiq aniqlangan soliq bazasidan va tegishli soliq stavkasidan kelib chiqqan holda mustaqil ravishda hisoblab chiqaradi. Soliq bazasi (hisoblab chiqarilgan soliq summasi) soliq davri mobaynida oʻzgarish boʻlganda yuridik shaxslar bir oylik muddat ichida soliq organiga aniqlashtirilgan soliq hisobotini taqdim etishi shart. Soliq davri mobaynida qishloq xoʻjaligi ekinzorlarining umumiy maydonida va tarkibida oʻzgarishlar yuz bergan yuridik shaxslar qishloq xoʻjaligi uchun moʻljallangan yerlari boʻyicha aniqlashtirilgan soliq hisobotini joriy yilning 1-dekabriga qadar taqdim etadi. Ushbu Kodeks 426-moddasining ikkinchi qismida koʻrsatilgan obyektlar joylashgan yer uchastkalariga ega boʻlgan yuridik shaxslar joriy soliq davrining 20-yanvaridan kechiktirmay mazkur obyektlarning joylashgan yeri boʻyicha soliq organlariga soliq solish obyekti hisoblanmaydigan, yuridik shaxsda mavjud boʻlgan yer uchastkalari toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan tasdiqlangan shakldagi maʼlumotnomani taqdim etadi. Koʻp kvartirali uylarda joylashgan turar joy boʻlmagan koʻchmas mulk obyektlari bilan band boʻlgan yer uchastkalari boʻyicha soliq turar joy boʻlmagan koʻchmas mulk obyektining qavatlar soniga boʻlingan maydonidan kelib chiqqan holda hisoblanadi.