Soliq kodeksi 471-modda. Toʻgʻridan-toʻgʻri xususiy chet el investitsiyalari ishtirokidagi yuridik shaxslarga soliq solish shartlari

Toʻgʻridan-toʻgʻri xususiy chet el investitsiyalarini jalb etgan holda tashkil etilgan va qonunchilikda tasdiqlanadigan roʻyxat boʻyicha mahsulot ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yuridik shaxslar uchun ayrim soliqlar boʻyicha imtiyozlarni qoʻllashning oʻziga xos xususiyatlari nazarda tutiladi. Toʻgʻridan-toʻgʻri xususiy chet el investitsiyalari deganda chet davlatning fuqarolari boʻlgan jismoniy shaxslar, Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida doimiy yashovchi fuqaroligi boʻlmagan shaxslar, shuningdek chet ellik nodavlat yuridik shaxslar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining kafolatini taqdim etmasdan amalga oshiriladigan investitsiyalar tushuniladi. Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan yuridik shaxslarga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori bilan belgilanadigan muddatga kiritilgan toʻgʻridan-toʻgʻri xususiy chet el investitsiyalari hajmiga qarab, yer soligʻini va mol-mulk soligʻini toʻlashdan ozod etish tarzidagi soliq imtiyozlari beriladi. Toʻgʻridan-toʻgʻri xususiy chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxona soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa soliq imtiyozlardan foydalanishga haqli.