Soliq kodeksi 87-modda. Soliq majburiyatining tugatilishi

Soliq majburiyati, agar ushbu moddaning ikkinchi — toʻrtinchi qismlarida boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa, quyidagi hollarda tugatiladi: soliq toʻlovchi tomonidan soliq toʻlanganda yoki soliq agenti tomonidan oʻtkazib berilganda; soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq soliq majburiyatini tugatish bilan bogʻliq boshqa holatlar yuzaga kelganda. Jismoniy shaxsning soliq majburiyati quyidagi hollarda tugatiladi: mazkur shaxs vafot etganda; uni vafot etgan deb eʼlon qilish toʻgʻrisidagi sud qarori qonuniy kuchga kirganda. Vafot etgan yoki vafot etgan deb eʼlon qilingan jismoniy shaxsning soliq qarzi ushbu Kodeksning 94-moddasida belgilangan tartibda meros mol-mulkning qiymati doirasida merosxoʻrlardan undiriladi. Yuridik shaxsning soliq majburiyati quyidagi hollarda tugatiladi: ushbu Kodeksning 91-moddasiga muvofiq, budjet tizimi bilan barcha hisob-kitoblar amalga oshirilgandan keyin u tugatilganda; ushbu Kodeksning 92-moddasiga muvofiq, budjet tizimi bilan barcha hisob-kitoblar amalga oshirilgandan keyin u qayta tashkil etilganda.