Soliq kodeksi 95-modda. Bedarak yoʻqolgan yoki muomalaga layoqatsiz deb topilgan jismoniy shaxsning soliq majburiyatini bajarish

Sud tomonidan bedarak yoʻqolgan deb eʼtirof etilgan jismoniy shaxsning soliqlarni toʻlash boʻyicha soliq majburiyati ushbu bedarak yoʻqolgan shaxsning mol-mulkini boshqarish huquqiga ega boʻlgan shaxs (bundan buyon matnda vakolatli shaxs deb yuritiladi) tomonidan qonunchilikka muvofiq uning mol-mulki hisobidan bajariladi. Vakolatli shaxs sud tomonidan bedarak yoʻqolgan deb topilgan jismoniy shaxsning u bedarak yoʻqolgan deb topilgan kunda vujudga kelgan butun soliq qarzini shu bedarak yoʻqolgan shaxsning pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulki hisobidan uzishi shart. Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan jismoniy shaxsning soliq majburiyati shu muomalaga layoqatsiz shaxsning mol-mulki hisobidan uning vasiysi tomonidan bajariladi. Vasiy muomalaga layoqatsiz jismoniy shaxsning soliqlar boʻyicha butun soliq qarzini shu muomalaga layoqatsiz shaxsning pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulki hisobidan uzishi shart. Sud tomonidan bedarak yoʻqolgan yoki muomalaga layoqatsiz deb topilgan jismoniy shaxsning soliqlarni toʻlash boʻyicha majburiyatini, shuningdek unga tegishli penyalar va jarimalarni toʻlash boʻyicha majburiyatni bajarish, shu jismoniy shaxsning pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulki koʻrsatilgan majburiyatni bajarish uchun yetarli boʻlmagan (mavjud boʻlmagan) taqdirda, tegishli soliq organining qarori bilan toʻxtatiladi. Jismoniy shaxsni bedarak yoʻqolgan yoki muomalaga layoqatsiz deb topishni bekor qilish toʻgʻrisida belgilangan tartibda qaror qabul qilingan taqdirda, toʻxtatib turilgan majburiyatlarning bajarilishi mazkur qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran tiklanadi. Ushbu moddaga muvofiq, sud tomonidan bedarak yoʻqolgan yoki muomalaga layoqatsiz deb topilgan jismoniy shaxslarning soliqlarni toʻlash boʻyicha majburiyatlari yuklatilgan shaxslar soliq toʻlovchilar uchun ushbu Kodeksda nazarda tutilgan tartibda barcha huquqlardan foydalanadi va barcha majburiyatlarni mazkur moddada nazarda tutilgan xususiyatlarni hisobga olgan holda bajaradi. Ushbu modda