Ijro harakatlarini amalga oshirayotganda yuzaga keladigan, maxsus bilimlarni talab qiladigan masalalarni tushuntirib berish uchun davlat ijrochisi oʻz tashabbusiga yoki taraflarning iltimosiga binoan oʻzining qarori bilan mutaxassis tayinlashi mumkin. Mutaxassis sifatida zarur bilimlarga ega shaxs tayinlanishi mumkin. Mutaxassis yozma ravishda xulosa beradi. Mutaxassisning yozma xulosasi u davlat ijrochisining qarori bilan tanishgan kundan eʼtiboran oʻn besh ish kuni ichida taqdim etilishi kerak. Mutaxassis davlat ijrochisining chaqiruvi boʻyicha kelishi, qoʻyilgan masalalar yuzasidan xolisona xulosa berishi, oʻzi bajarayotgan harakatlarni tushuntirib berishi shart. Mutaxassis ijro harakatlarini amalga oshirish bilan bogʻliq bajargan ishi uchun haq olish huquqiga ega. Bu haq ijro harakatlarini amalga oshirish xarajatlariga kiritiladi.