Agar undiruvchi bankda yoki boshqa kredit tashkilotida qarzdorning hisobvaraqlari mavjudligi haqidagi maʼlumotlarga ega boʻlsa, pul mablagʻlarini undirish toʻgʻrisidagi sud hujjatlarining va boshqa organlar hujjatlarining talablari bayon etilgan ijro hujjatini undiruvchi bevosita ana shu bankka yoki boshqa kredit tashkilotiga yuborishi mumkin. Qarzdorning hisobvaraqlari boʻyicha xizmat koʻrsatuvchi bank yoki boshqa kredit tashkiloti ijro hujjati olingan kundan eʼtiboran keyingi ish kunidan kechiktirmay ijro hujjatida bayon etilgan pul mablagʻlarini undirish toʻgʻrisidagi talablarni ijro etadi yoxud qarzdorning hisobvaraqlarida undiruvchining talablarini qanoatlantirish uchun yetarli pul mablagʻi yoʻqligi sababli koʻrsatilgan talablar toʻla yoki qisman ijro etilmaganligini qayd etib qoʻyadi. Ushbu moddaning ikkinchi qismida koʻrsatilgan talablarni bajarmaslik sudning qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda va miqdorda bankka yoki boshqa kredit tashkilotiga jarima solishi uchun asos boʻladi.