Yoʻqolgan ijro ishi yuritilishi sud tomonidan ishda ishtirok etgan shaxslarning, ijro ishi yuritilishi taraflarining, davlat ijrochisining, prokurorning, shuningdek ijro hujjatini bergan sud yoki boshqa organning tashabbusiga binoan tiklanishi mumkin. Yoʻqolgan ijro ishi yuritilishi toʻliq yoki u sud fikriga koʻra tiklanishi zarur deb hisoblagan qismida tiklanadi. Yoʻqolgan ijro ishi yuritilishini tiklash toʻgʻrisidagi ariza ijro etiladigan joydagi sudga beriladi. Arizada ijro ishini yuritilishiga doir maʼlumotlar toʻliq bayon etilishi lozim. Arizachida saqlanib qolgan va ijro ishini yuritilishiga daxldor boʻlgan hujjatlar yoki ularning nusxalari arizaga ilova qilinadi. Sud ishni koʻrayotganda ijro ishi yuritishning saqlanib qolgan qismidan, ish yoʻqolguniga qadar undan jismoniy va yuridik shaxslarga olib berilgan hujjatlardan, bu hujjatlarning nusxalaridan, shuningdek ijro ishi yuritilishiga daxldor boʻlgan boshqa maʼlumotnoma va hujjatlardan foydalanadi. Sud ijro harakatlarini bajarish vaqtida ishtirok etgan yoki hozir boʻlgan shaxslarni guvoh sifatida soʻroq qilishi mumkin. Toʻplangan materiallar yoʻqolgan ijro ishi yuritilishini aniq tiklash uchun yetarli boʻlmasa, sud ajrim chiqarib, ijro ishi yuritilishini tiklash toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqishni tugatadi. Bu holda arizachi umumiy tartibda daʼvo taqdim etishga haqli. Arizachi yoʻqolgan ijro ishi yuritilishini tiklash toʻgʻrisidagi ish koʻrib chiqilishi vaqtida sud tomonidan qilingan sud xarajatlarini toʻlashdan ozod qilinadi. Bila turib, yolgʻon ariza berilgan boʻlsa, sud xarajatlari arizachidan undirib olinadi.