Qarzdorning mol-mulki saqlash uchun qarzdorga yoki davlat ijrochisi tayinlagan boshqa shaxslarga (bundan buyon matnda saqlovchi deb yuritiladi) mol-mulkni xatlash dalolatnomasiga imzo qoʻydirgan holda topshiriladi. Davlat ijrochisi xatlangan mol-mulkni saqlash uchun qaysi saqlovchiga topshirgan boʻlsa, oʻsha saqlovchi davlat ijrochisining yozma ravishdagi roziligisiz bu mol-mulkdan foydalanishi mumkin emas. Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysiga yoki investitsiya vositachisiga saqlash uchun topshirilgan qimmatli qogʻozlar boʻyicha, shuningdek mol-mulkning xossalariga koʻra, undan foydalanish uning yoʻq boʻlib ketishiga yoki qimmati pasayishiga olib kelgan taqdirda, davlat ijrochisi bunday rozilikni berishga haqli emas. Agar mazkur mol-mulkdan foydalanish uning saqlanishini taʼminlash uchun zarur boʻlsa, davlat ijrochisining roziligi talab etilmaydi. Saqlovchi, agar qarzdor uning oʻzi yoki uning oila aʼzolari (qarzdor yuridik shaxs boʻlsa, uning xodimi) boʻlmasa, saqlaganligi uchun tegishli haq oladi. Saqlovchining mol-mulkni saqlash uchun qilgan zarur xarajatlari ham mazkur mol-mulkdan foydalanish orqali amalda olgan foydasi chegirib tashlangan holda qoplanadi. Xatlangan avtomototransport vositasi auksion oʻtkazilguniga qadar davlat ijrochisi tomonidan belgilanadigan, uning asralishi uchun tegishli sharoitlar taʼminlanadigan maxsus ajratilgan joylarda (saqlash joylarida, omborlarda, vakolatli organlar va boshqa tashkilotlarning jarima maydonlarida) saqlanadi. Xatlangan va olib qoʻyilgan mol-mulkni saqlash tartibi hamda shartlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.