Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida 58-modda. Undiruvni qarzdor yuridik shaxsning pul mablagʻlariga qaratish

Qarzdor yuridik shaxs kassasining seyflarida saqlanayotgan va bu kassaning alohida ajratilgan xonasida yoki qarzdor yuridik shaxsning boshqa binolarida boʻlgan soʻmdagi va chet el valyutasidagi naqd pul mablagʻlari ular aniqlanishi bilanoq, qarzni uzish ijro yigʻimi va ijro boʻyicha xarajatlarni qoplash uchun zarur boʻlgan miqdorda darhol olib qoʻyilishi lozim. Olib qoʻyilgan soʻmdagi pul mablagʻlari ertasi kundan kechiktirmay qarzga teng miqdorda undiruvchining hisobvaragʻiga oʻtkazish uchun bankka topshiriladi. Ijro yigʻimi summalari, shuningdek ijro xarajatlarining oʻrnini qoplash uchun moʻljallangan summalar davlat ijrochilarining depozit hisobvaragʻiga oʻtkazilib, soʻngra ijro xarajatlarining oʻrni ushbu summa hisobidan qoplanadi. Davlat ijrochisi qarzdor yuridik shaxsning banklardagi va boshqa kredit tashkilotlaridagi hisobvaraqlarida va omonatlarida turgan yoki saqlanayotgan pul mablagʻlarini xatlash choralarini koʻradi.