Qarzdor yuridik shaxsning mol-mulkini xatlash va realizatsiya qilish quyidagi ketma-ketlikda amalga oshiriladi: birinchi navbatda — ishlab chiqarishda bevosita qatnashmaydigan koʻchar mol-mulkka (qimmatli qogʻozlarga, qarzdorning depozit va boshqa hisobvaraqlaridagi pul mablagʻlariga, valyuta qimmatliklari, yengil avtotransport, ofislar dizayni ashyolari, tayyor mahsulot (tovarlar), qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlarga, ulardan tayyorlangan buyumlarga, shuningdek bunday buyumlar parchalariga va boshqalarga) nisbatan; ikkinchi navbatda — tovarlarni ishlab chiqarishda, ishlarni bajarishda va xizmatlar koʻrsatishda bevosita foydalanilmaydigan mulkiy huquqlarga, shuningdek ishlab chiqarishda bevosita qatnashmaydigan va bevosita qatnashishga moʻljallanmagan boshqa moddiy qimmatliklarga nisbatan; uchinchi navbatda — tovarlar ishlab chiqarishda, ishlarni bajarishda yoki xizmatlar koʻrsatishda bevosita qatnashadigan mulkiy huquqlarga, koʻchmas mulk obyektlariga, shuningdek xom ashyo va materiallar, dastgohlar, asbob-uskunalar, ishlab chiqarishda bevosita qatnashishga moʻljallangan boshqa asosiy vositalarga nisbatan. Ushbu modda birinchi qismining qoidalari qarzdor jismoniy shaxsning tadbirkorlik faoliyati munosabati bilan sud yoki boshqa organ tomonidan berilgan ijro hujjatidagi talablar ijro etilgan taqdirda, undiruvni belgilangan tartibda yakka tartibdagi tadbirkor sifatida roʻyxatdan oʻtkazilgan qarzdor jismoniy shaxsning mol-mulkiga qaratishda ham qoʻllaniladi.