Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining birinchi oʻrinbosari, oʻrinbosarlari — sudlov hayʼatlarining raislari: ishni taftish tartibida koʻrish zarurligi haqidagi masalani hal etish uchun qonunda nazarda tutilgan tartibda sud ishlarini talab qilib oladi; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining tegishli sudlov hayʼatlari ishiga rahbarlikni amalga oshiradi; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumiga sudlov hayʼatlari faoliyati toʻgʻrisidagi maʼruzalarni taqdim etadi; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining tegishli sudlov hayʼatlari majlislarida raislik qiladi; tegishli quyi sudlar faoliyatini tashkil etishga koʻmaklashadi; sud amaliyotini umumlashtirish, sud amaliyoti obzorlarini tayyorlash va sud statistikasini tahlil qilish boʻyicha ishlarni tashkil etadi; sudlarning hal qiluv qarorlari, hukmlari, ajrimlari va qarorlari ijrosini qonunda nazarda tutilgan tartibda toʻxtatib turadi; sudyalarning va sud apparati xodimlarining malakasini oshirish boʻyicha ishlarni tashkil etadi; jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslar vakillarini shaxsan qabul qiladi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining birinchi oʻrinbosari, oʻrinbosarlari — sudlov hayʼatlarining raislari qonunga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi yoʻqligida uning vakolatlarini raisning birinchi oʻrinbosari, birinchi oʻrinbosar ham yoʻqligida esa rais oʻrinbosarlaridan biri amalga oshiradi.