Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyat, Toshkent shahar sudi raisi: sud faoliyatiga tashkiliy rahbarlikni amalga oshiradi; sud rayosatini chaqiradi va uning majlislarida raislik qiladi; sud rayosatining qarorlari bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish boʻyicha ishlarni tashkil etadi; sud majlislarida raislik qiladi; quyi turuvchi sudlarning faoliyatini tashkil etishga koʻmaklashadi; sudyalarning, sud apparati xodimlarining hamda xalq maslahatchilarining malakasini oshirish boʻyicha ishlarini tashkil etadi; sud amaliyotini umumlashtirish, sud amaliyoti obzorlarini tayyorlash va sud statistikasini yuritish ishini tashkil etadi; jismoniy shaxslarni, yuridik shaxslarning vakillarini shaxsan qabul qiladi va ularning murojaatlarini koʻrib chiqish boʻyicha ishlarni tashkil etadi; sudyalar malaka hayʼati qarorlari, xulosalari ustidan Sudyalar oliy malaka hayʼatiga taqdimnomalar kiritadi; sudyalarning aholi bilan uchrashuvlarini tashkil etadi, shuningdek jamoatchilikni har chorakda sudning faoliyati toʻgʻrisida ommaviy axborot vositalari orqali xabardor qilib boradi; sud apparati ishlariga rahbarlik qiladi, sud xodimlari bilan mehnat shartnomalarini tuzadi va bekor qiladi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyat, Toshkent shahar sudi raisi qonunga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin. Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyat, Toshkent shahar sudi raisi yoʻqligida uning vakolatlari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi tomonidan tegishli sud raisining oʻrinbosarlaridan birining zimmasiga yuklatilishi mumkin.