Sudlar toʻgʻrisida 41-modda. Fuqarolik ishlari boʻyicha tumanlararo, tuman, shahar sudi, jinoyat ishlari boʻyicha tuman, shahar sudi, tumanlararo iqtisodiy sud raisi

Fuqarolik ishlari boʻyicha tumanlararo, tuman, shahar sudi, jinoyat ishlari boʻyicha tuman, shahar sudi, tumanlararo iqtisodiy sud raisi: sud majlislarida raislik qiladi; jismoniy shaxslarni, yuridik shaxslarning vakillarini shaxsan qabul qiladi hamda ularning murojaatlarini koʻrib chiqish boʻyicha ishlarni tashkil etadi; sudyalarning aholi bilan uchrashuvlarini tashkil etadi, shuningdek jamoatchilikni har chorakda sudning faoliyati toʻgʻrisida ommaviy axborot vositalari orqali xabardor qilib boradi; sud apparati ishiga rahbarlik qiladi, sud apparati xodimlari bilan mehnat shartnomalarini tuzadi va bekor qiladi. Fuqarolik ishlari boʻyicha tumanlararo, tuman, shahar sudining, jinoyat ishlari boʻyicha tuman, shahar sudining, tumanlararo iqtisodiy sudning raisi qonunga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin. Fuqarolik ishlari boʻyicha tumanlararo, tuman, shahar sudi, jinoyat ishlari boʻyicha tuman, shahar sudi, tumanlararo iqtisodiy sud raisi yoʻqligida uning vakolatlarini rais oʻrinbosari bajaradi, u yoʻqligida esa, sud raisining vakolatlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyat, Toshkent shahar sudi raisi tomonidan tegishli sud sudyalaridan birining zimmasiga yuklatilishi mumkin.