Sudlar toʻgʻrisida 61-modda. Sudyaning huquqlari

Sudya quyidagi huquqlarga ega: mansabdor shaxslar va fuqarolardan odil sudlovni amalga oshirish bilan bogʻliq boʻlgan oʻz farmoyishlarining bajarilishini talab qilish; mansabdor va boshqa shaxslardan odil sudlovni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan axborotni olish; odil sudlovni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarni davlat organlarining va boshqa tashkilotlarning axborot tizimlaridan bepul asosda olish hamda shaxsga doir maʼlumotlar mavjud axborot tizimlaridan foydalanish, shu jumladan masofadan turib foydalanish; davlat organlarining, shuningdek boshqa tashkilotlarning axborot tizimlaridan odil sudlovni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan shaxsga doir maʼlumotlarni fuqarolarning yozma roziligisiz bepul asosda olish; sudyalar hamjamiyati organlarini shakllantirishda va ular faoliyatida ishtirok etish; uyushmalarga birlashish. Sudya qonunga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin. Davlat organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalari, boshqa yuridik va jismoniy shaxslar sudyaning odil sudlovni amalga oshirish bilan bogʻliq boʻlgan talablari hamda farmoyishlarini soʻzsiz bajarishi shart. Sudyaning talablari va farmoyishlarini bajarmaslik qonunda belgilangan javobgarlikka sabab boʻladi.