Sudyaning shaxsi daxlsiz. Sudyaning daxlsizligi uning turar joyiga, xizmat xonasiga, u foydalanadigan transport vositasi va aloqa vositalariga, xat-xabarlariga, unga tegishli ashyolar va hujjatlarga taalluqlidir. Sudyalarning shaxsiy xavfsizligini taʼminlash maqsadlarida ularga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi tomonidan belgilanadigan roʻyxat boʻyicha saqlash, olib yurish va undan foydalanish huquqi bilan xizmat quroli hamda shaxsiy himoya vositalari beriladi. Zarur hollarda tegishli sud raisining qaroriga binoan ichki ishlar organi sudya va uning oilasi uchun qurolli soqchilar ajratadi. Sudyaga nisbatan jinoyat ishi faqat Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan qoʻzgʻatilishi mumkin. Sudya Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining xulosasi olinmasdan va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining roziligisiz jinoiy javobgarlikka tortilishi, qamoqqa olinishi mumkin emas. Sudya tegishli sudyalar malaka hayʼatining xulosasi olinmasdan maʼmuriy javobgarlikka tortilishi mumkin emas. Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi raisining sudyalar daxlsizligini buzganlik va ularning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga aralashganlik faktlari toʻgʻrisidagi taqdimnomasi prokuratura organlari tomonidan bir oy muddatda koʻrib chiqiladi. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi koʻrsatilgan faktlar boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatilganligi yoki qoʻzgʻatilishi rad etilganligi haqida Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashiga xabar beradi. Sudyani huquqni muhofaza qiluvchi organlarga guvoh yoki gumon qilinuvchi sifatida soʻroq qilish uchun chaqirishga faqat tegishli sudyalar malaka hayʼatining roziligi bilan yoʻl qoʻyiladi. Sudyaga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi faqat unga nisbatan ogʻir yoki oʻta ogʻir jinoyat yoki odam oʻlimiga sabab boʻlgan qasddan boshqa jinoyat sodir etganlikda ayb qoʻyilgan hollarda qoʻllanilishi mumkin. Mazkur qoida sudya sifatida ishlagan davrida shunday jinoyat sodir etganlikda