Sudlar toʻgʻrisida 70-modda. Sud raisini, rais oʻrinbosarini lavozimga saylash va tayinlash tartibi

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining birinchi oʻrinbosari, rais oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi sudlov hayʼatining raisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan saylanadi. Viloyat, Toshkent shahar sudi, Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudi, viloyat, Toshkent shahar maʼmuriy sudi raisi, rais oʻrinbosari, Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi maʼmuriy sudi raisi, rais oʻrinbosari Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti bilan kelishib olingan xulosasi asosida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisining taqdimnomasiga binoan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi tomonidan saylanadi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi tumanlararo, tuman, shahar sudi raisi, rais oʻrinbosari Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining taqdimnomasiga binoan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi tomonidan tayinlanadi. Tumanlararo, tuman, shahar sudi, hududiy harbiy sud raisi, rais oʻrinbosari Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tomonidan lavozimga tayinlanadi.