Sudlar toʻgʻrisida 78-modda. Sudyaning vakolatlarini toʻxtatib turish

Sudyaning vakolatlari tegishli sudyalar malaka hayʼati qarori bilan quyidagi hollarda toʻxtatib turiladi, agar: sudya oʻz lavozimiga zid faoliyat bilan shugʻullanayotgan boʻlsa; sudyaga nisbatan tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari qoʻllanilgan boʻlsa; sudya sudning hal qiluv qarori bilan bedarak yoʻqolgan deb topilgan boʻlsa; sudyaga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan boʻlsa; sudya davlat hokimiyati vakillik organlari saylovida deputatlikka nomzod sifatida ishtirok etayotgan boʻlsa. Sudyaning vakolatlari ularni toʻxtatib turishga sabab boʻlgan asoslar bekor boʻlgunga qadar toʻxtatib turiladi. Sudya qonunda belgilangan tartibda tegishli sudyalar malaka hayʼati qarori ustidan shikoyat qilishga haqli. Sudyaning vakolatlari toʻxtatib turilishi unga ish haqi toʻlashni toʻxtatishga yoki ish haqi miqdorini kamaytirishga, uning taʼminoti darajasini pasaytirishga va sudyani ushbu Qonunda belgilangan daxlsizlik kafolatlaridan mahrum qilishga sabab boʻlmaydi, bundan ehtiyot chorasi sifatida sudyaga nisbatan qamoqqa olish chorasi tanlangan hollar mustasno. Sudyaning vakolatlarini qayta tiklash toʻgʻrisidagi qaror sudyaning vakolatlarini toʻxtatib turgan tegishli sudyalar malaka hayʼati tomonidan qabul qilinadi.