Sugʻurtalovchilar (qayta sugʻurtalovchilar) ustav fondining (ustav kapitalining) eng kam miqdori qonunchilikda belgilanadi. Sugʻurtalovchining (qayta sugʻurtalovchining) ustav fondi (ustav kapitali) sugʻurta tashkilotining muassislari tomonidan kiritilgan pul mablagʻlaridan tashkil topadi hamda milliy valyutada ifodalanadi. Sugʻurtalovchining ustav fondini shakllantirish uchun kreditga, garovga olingan mablagʻlardan va boshqa jalb qilingan mablagʻlardan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi. Ustav fondining (ustav kapitalining) eng kam miqdori litsenziya olish toʻgʻrisida ariza beriladigan paytga qadar sugʻurtalovchining (qayta sugʻurtalovchining) taʼsischilari tomonidan shakllantirilgan boʻlishi kerak. Sugʻurtalovchi (qayta sugʻurtalovchi) boshqa sugʻurtalovchilarning (qayta sugʻurtalovchilarning) ustav fondida (ustav kapitalida) ishtirok etishiga yoʻl qoʻyilmaydi, bundan sugʻurtaning boshqa tarmoqlaridagi sugʻurtalovchilarning (qayta sugʻurtalovchilarning) ustav fondida (ustav kapitalida) oʻzaro ishtirokini cheklash shartlarida ishtirok etish hollari mustasno.