Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisida 48-modda. Sugʻurtalovchilar (qayta sugʻurtalovchilar) tomonidan prudensial normativlarga rioya etilishi

Sugʻurta (qayta sugʻurta) tashkilotlarining moliyaviy barqarorligini taʼminlash hamda sugʻurta xizmatlari isteʼmolchilarining qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida sugʻurtalovchilar (qayta sugʻurtalovchilar) belgilangan prudensial normativlarga rioya etishi shart, ushbu normativlarni hisoblab chiqarish tartibi va yoʻl qoʻyiladigan qiymatlari vakolatli davlat organi tomonidan belgilanadi. Prudensial normativlar quyidagilarni oʻz ichiga oladi: ustav fondining (ustav kapitalining) eng kam miqdorini; toʻlovga qobiliyatlilik marjasining yetarlilik normativini; sugʻurtalovchilarning (qayta sugʻurtalovchilarning) alohida tavakkalchiliklar boʻyicha majburiyatlari normativini; sugʻurta zaxiralarini shakllantirish va joylashtirish boʻyicha normativni; vakolatli davlat organi tomonidan belgilangan boshqa prudensial normativlarni. Prudensial normativlarga kelgusidagi oʻzgartishlar ushbu oʻzgartishlar amalga kiritilishidan kamida bir oy oldin vakolatli davlat organi tomonidan rasmiy ravishda eʼlon qilinadi.