Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida 11-modda. Tadbirkorlik faoliyati subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish

Tadbirkorlik faoliyati subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tegishli davlat organi tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va muddatlarda amalga oshiriladi. Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organlar ariza beruvchiga tadbirkorlik faoliyati subyekti tariqasida davlat roʻyxatidan oʻtkazishni uni tashkil etish maqsadga muvofiq emas degan vaj bilan rad etishga yoki qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan qoʻshimcha talablarni belgilashga haqli emas. Ariza beruvchini tadbirkorlik faoliyati subyekti tariqasida davlat roʻyxatidan oʻtkazishni rad etganlik, shuningdek roʻyxatdan oʻtkazish muddatlarini buzganlik ustidan sudga shikoyat qilish mumkin. Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organning qarori, shuningdek mazkur organ mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) sud tomonidan qonunga xilof deb topilgan taqdirda ular ariza beruvchiga roʻyxatdan oʻtkazishni rad etganlik yoki roʻyxatdan oʻtkazish muddatini buzganlik tufayli yetkazilgan zararning oʻrnini qoplaydilar va maʼnaviy zarar uchun tovon toʻlaydilar.