Taʼlim toʻgʻrisida 12-modda. Oliy taʼlimdan keyingi taʼlim

Oliy taʼlimdan keyingi taʼlimni oliy taʼlim va ilmiy tashkilotlarda olish mumkin. Oliy taʼlimdan keyingi taʼlim doktorlik dissertatsiyasini tayyorlash va himoya qilish maqsadida mutaxassislikni chuqur oʻrganishni va ilmiy izlanishlar olib borishni nazarda tutadigan tayanch doktorantura, doktorantura va mustaqil izlanuvchanlik asosida ilmiy darajaga ega ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlashni taʼminlaydi. Tayanch doktorantura falsafa doktori (Doctor of Philosophy (PhD) ilmiy darajasiga daʼvogar izlanuvchilar uchun ishlab chiqarishdan ajralgan holda tashkil etiladigan oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar ixtisosligi boʻyicha oliy taʼlimdan keyingi taʼlim shakli hisoblanadi. Doktorantura fan doktori (Doctor of Science (DSc) ilmiy darajasiga daʼvogar izlanuvchilar uchun ishlab chiqarishdan ajralgan holda tashkil etiladigan oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar ixtisosligi boʻyicha oliy taʼlimdan keyingi taʼlim shakli hisoblanadi. Mustaqil izlanuvchilik falsafa doktori (Doctor of Philosophy (PhD) yoki fan doktori (Doctor of Science (DSc) ilmiy darajalariga daʼvogar izlanuvchilar uchun ishlab chiqarishdan ajralmagan holda tashkil etiladigan oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar ixtisosligi boʻyicha oliy taʼlimdan keyingi taʼlim shakli hisoblanadi. Ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash, ilmiy darajalar va ilmiy unvonlar berish tartibi, shuningdek harbiy, tibbiyot va boshqa taʼlim tashkilotlarida oliy taʼlimdan keyingi taʼlim olish xususiyatlari qonunchilikda belgilanadi. Oliy taʼlimdan keyingi taʼlimning davom etish muddati qonunchilikda belgilanadi.