Maʼrifiy faoliyat shaxsning shaxsiy, intellektual va maʼnaviy jihatdan kamol topishi, ijtimoiy va iqtisodiy faolligini oshirish, intellektual va ijodiy salohiyatini namoyon etish, individual salohiyatini, imkoniyatlarini, muloqot qilish qobiliyatlarini yaxshilash uchun zarur koʻnikmalar va malakalarni shakllantirishga qaratilgan, davlat taʼlim standartlari bilan qamrab olinmaydigan faoliyat turi hisoblanadi. Maʼrifiy faoliyat qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan talablar hisobga olingan holda, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan amalga oshirilishi mumkin. Jinoyat ishi boʻyicha ayblanuvchi tariqasida jalb etilgan (sud hukmi qonuniy kuchga kirguniga yoxud reabilitatsiya qiluvchi asoslarga binoan uni jinoiy javobgarlikdan ozod etish toʻgʻrisida qaror qabul qilinguniga qadar), jinsiy erkinlikka qarshi jinoyatlarni, oilaga, yoshlarga va axloqqa qarshi jinoyatlarni, tinchlikka va insoniyatning xavfsizligiga qarshi jinoyatlarni, Oʻzbekiston Respublikasiga qarshi jinoyatlarni, firibgarlikni hamda boshqaruv tartibiga qarshi jinoyatlarni korrupsiyaga oid jinoyatlarni, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilish bilan bogʻliq jinoyatlarni sodir etganligi uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki olib tashlanmagan shaxslar, sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxslar, shuningdek psixiatriya yoki narkologiya muassasalarida hisobda turgan shaxslar maʼrifiy faoliyatni amalga oshirishi mumkin emas. Maʼrifiy faoliyatni amalga oshirish tartibi, shakllari, talablari va shartlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.