Kreditorlarning qarzni toʻlash jadvalida nazarda tutilgan barcha talablari sud sanatsiyasi tartib-taomilining sud tomonidan belgilangan muddati oʻtishidan oldin qarzdor tomonidan qanoatlantirilgan taqdirda, qarzdorning rahbari sud sanatsiyasi tartib-taomili muddatidan ilgari tamomlanganligi haqida sudga ushbu Qonunning 104-moddasida nazarda tutilgan tartibda hisobot taqdim etadi. Qarzdor rahbarining sud sanatsiyasi tartib-taomili muddatidan ilgari tamomlanganligi toʻgʻrisidagi hisoboti, sanatsiya qiluvchi boshqaruvchining qarzdor rahbarining hisobotiga doir xulosasi va kreditorlarning shikoyatlari sud tomonidan majlisda koʻrib chiqiladi. Sanatsiya qiluvchi boshqaruvchining talablari qarzni toʻlash jadvaliga kiritilgan barcha kreditorlarni qarzdor rahbarining sud sanatsiyasi tartib-taomili muddatidan ilgari tamomlanganligi haqidagi hisobotini koʻrib chiquvchi sud majlisining sanasi, vaqti va joyi toʻgʻrisida xabardor qilishi shart. Qarzdor rahbarining sud sanatsiyasi tartib-taomili muddatidan ilgari tamomlanganligi toʻgʻrisidagi hisobotini, shuningdek kreditorlarning shikoyatlarini koʻrib chiqish yakunlari asosida sud: agar toʻlanmagan qarz mavjud emasligi aniqlansa, kreditorlarning shikoyatlari esa asossiz deb topilsa, qarzdor rahbarining hisobotini tasdiqlaydi va toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ishni yuritishni toʻxtatadi; agar toʻlanmagan qarz mavjudligi aniqlansa va kreditorlarning shikoyatlari asosli deb topilsa, qarzdor rahbarining hisobotini tasdiqlashni rad etadi. Qarzdor rahbarining hisobotini tasdiqlash va toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ishni yuritishni tugatish haqida yoki mazkur hisobotni tasdiqlashni rad etish toʻgʻrisida sud ajrim chiqaradi, bu ajrim ustidan shikoyat berilishi (protest keltirilishi) mumkin.