Sud sanatsiyasi tartib-taomilining belgilangan muddati tugashiga kamida oʻn besh kun qolganida qarzdorning rahbari oʻtkazilgan sud sanatsiyasi tartib-taomilining natijalari haqida sudga hisobot taqdim etishi shart. Mazkur hisobotga qarzdorning oxirgi sanadagi holatga koʻra buxgalteriya balansi, qarzdorning moliyaviy natijalari toʻgʻrisidagi hisobot, qanoatlantirilgan talablar miqdori va mazkur qanoatlantirishni tasdiqlovchi hujjatlar, shuningdek sanatsiya qiluvchi boshqaruvchining qarzdor rahbarining hisobotiga doir xulosasi, qanoatlantirilgan talablar miqdori koʻrsatilgan holda kreditorlarning talablari reyestri, talablari qanoatlantirilmagan kreditorlarning shikoyatlari ilova qilinishi kerak. Qarzdor rahbarining sud sanatsiyasi tartib-taomilini oʻtkazish natijalari haqidagi hisoboti va kreditorlarning shikoyatlari sud tomonidan majlisda koʻrib chiqiladi. Sanatsiya qiluvchi boshqaruvchi qarzni toʻlash jadvaliga talablari kiritilgan barcha kreditorlarni qarzdor rahbarining sud sanatsiyasi tartib-taomilini oʻtkazish natijalari haqidagi hisobotini koʻrib chiquvchi sud majlisining sanasi, vaqti va joyi toʻgʻrisida xabardor qilishi shart. Qarzdor rahbarining sud sanatsiyasi tartib-taomilini oʻtkazish natijalari haqidagi hisobotini, shuningdek kreditorlarning shikoyatlarini koʻrib chiqish yakunlariga koʻra sud: agar toʻlanmagan qarzi mavjud emasligi aniqlansa, kreditorlarning shikoyatlari esa asossiz deb topilsa, qarzdor rahbarining hisobotini tasdiqlaydi va toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ishni yuritishni toʻxtatish haqida ajrim chiqaradi; agar toʻlanmagan qarz mavjudligi aniqlansa va kreditorlarning shikoyatlari asosli deb topilsa, qarzdor rahbarining hisobotini tasdiqlashni rad etadi. Sud qarzdor rahbarining hisobotini tasdiqlashni rad etgan taqdirda tashqi boshqaruv tartib-taomilini joriy etish haqida ajrim yoki qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash toʻgʻrisida qaror chiqaradi.