Kreditorlar bilan hisob-kitoblar tamomlangach yoki sud tomonidan kreditorlarning talablarini qanoatlantirish uchun belgilangan muddat oʻtgach, sanatsiya qiluvchi boshqaruvchi qarzdorning majburiyatlarini shaxslar tomonidan taʼminot berilgan holda bajarish yakunlari toʻgʻrisida sudga hisobot taqdim etishi shart. Sanatsiya qiluvchi boshqaruvchining hisoboti va kreditorlarning shikoyatlari sud tomonidan majlisda koʻrib chiqiladi. Hisobotga qoʻyiladigan talablar, shuningdek uni taqdim etish va koʻrib chiqish tartibi ushbu Qonunning 132 va 133-moddalarida belgilanadi. Sanatsiya qiluvchi boshqaruvchining hisobotini, kreditorlarning shikoyatlarini koʻrib chiqish yakunlariga koʻra sud: agar toʻlanmagan qarz mavjudligi aniqlansa, kreditorlarning shikoyatlari esa asossiz deb topilsa, sanatsiya qiluvchi boshqaruvchining hisobotini tasdiqlaydi va toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ish yuritishni tugatish toʻgʻrisida ajrim chiqaradi; agar qoplanmagan qarz borligi aniqlangan va kreditorlarning shikoyatlari asosli deb topilgan boʻlsa, sanatsiya qiluvchi boshqaruvchining hisobotini tasdiqlashni rad etadi hamda tashqi boshqaruv tartib-taomilini joriy etish haqida ajrim chiqaradi yoxud qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.