Tashqi boshqaruvchi: qarzdorning mol-mulkini qabul qilib olishi va uni inventarizatsiyadan oʻtkazishi; qarzdorning uchinchi shaxslarda turgan mol-mulkini qidirishga, aniqlashga va qaytarishga qaratilgan choralar koʻrishi; tashqi boshqaruvni oʻtkazish va kreditorlar bilan hisob-kitoblar qilish uchun maxsus hisobvaraq ochishi; tashqi boshqaruv rejasini ishlab chiqishi va kreditorlarning yigʻilishi tasdiqlashi uchun taqdim etishi; moliyaviy, buxgalteriya va statistika hisobini yuritishi hamda hisobdorlikni taʼminlashi; kreditorlarning qarzdorga nisbatan talablari yuzasidan eʼtirozlar bildirishi; qarzdor oldidagi qarzni undirish choralarini koʻrishi; kreditorlarning talablari reyestrini yuritishi; kreditorlarning yigʻilishiga tashqi boshqaruv rejasi bajarilishining borishi va yakunlari haqida hisobotlar taqdim etishi; kreditorning talabiga koʻra qarzdorning moliyaviy ahvoli va (yoki) oʻz faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni oʻn kunlik muddatda taqdim etishi; tashqi boshqaruv rejasi bajarilishining borishi haqida kreditorlar yigʻilishiga va kreditorlar qoʻmitasiga, shuningdek, agar qarzdorning ustav fondida (ustav kapitalida) davlatning ulushi boʻlsa, vakolatli davlat organiga axborot taqdim etishi shart. Tashqi boshqaruvchining zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.