Tashqi boshqaruvchi sud tomonidan tayinlangan paytdan eʼtiboran bir oylik muddat ichida tashqi boshqaruv rejasini ishlab chiqib, tasdiqlash uchun kreditorlar yigʻilishiga taqdim etishi kerak. Tashqi boshqaruv rejasini tasdiqlash toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqish chogʻida ovoz berishda birinchi va ikkinchi guruh kreditorlari ishtirok etadi. Kreditorlar yigʻilishining tashqi boshqaruv rejasini tasdiqlash haqidagi qarori, agar uni birinchi va ikkinchi guruhlarning har biridagi kreditorlarning koʻpchiligi yoqlab ovoz bersa, qabul qilingan deb hisoblanadi. Bunda ovoz berish huquqiga ega boʻlgan va tashqi boshqaruv rejasini tasdiqlashga qarshi ovoz bergan kreditor yoki kreditorlar qarzdor tugatilgan taqdirda eng kamida olishi mumkin boʻlgan kafolatli tovonga teng tovon olishga haqlidir. Agar birinchi va ikkinchi guruhlarning har biridagi kreditorlar tashqi boshqaruv rejasini tasdiqlash toʻgʻrisidagi qarorni qabul qilmasa, shuningdek ovoz berish chogʻida guruhlardan biridagi kreditorlarning zarur miqdordagi ovozlari toʻplanmasa, sudga qarzdorni bankrot deb topish va tugatish toʻgʻrisida ish yuritishni boshlash toʻgʻrisidagi iltimosnoma bilan murojaat qilish haqida qaror qabul qilinadi. Kreditorlar yigʻilishining tashqi boshqaruv rejasiga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisidagi qarori birinchi va ikkinchi guruh kreditorlari tomonidan, agar har bir alohida guruhning koʻpchiligi uni yoqlab ovoz bergan boʻlsa, qabul qilinadi. Tashqi boshqaruv rejasida quyidagilar nazarda tutilishi kerak: qarzdorning toʻlov qobiliyatini tiklash chora-tadbirlari, mazkur chora-tadbirlarni amalga oshirish shartlari va tartibi, ularni amalga oshirish xarajatlari hamda qarzdorning boshqa xarajatlari; qarzdorning toʻlov qobiliyatini tiklash muddati. Qarzdorning toʻlov qobiliyati ushbu Qonunning 5-moddasida belgilangan toʻlovga qobiliyatsizlik alomatlari mavjud boʻlmagan va (yoki) kreditorlar tomonidan bildirilgan talablardan voz kechilgan taqdirda tiklangan deb eʼtirof etiladi. Tashqi boshqaruv reja