Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida 133-modda. Tashqi boshqaruvchining hisobotini koʻrib chiqish

Tashqi boshqaruvchining hisoboti tashqi boshqaruv tartib-taomili muddati tugaganidan keyin oʻn kundan kechiktirmay yoki tashqi boshqaruv tartib-taomilini muddatidan ilgari tugatish uchun asoslar yuzaga kelganidan keyin oʻn besh kundan kechiktirmay yoxud kreditorlar yigʻilishini chaqirish huquqiga ega boʻlgan shaxslarning (organlarning) talabiga binoan kreditorlar yigʻilishi chaqirilgan taqdirda bir oydan kechiktirmay chaqiriladigan kreditorlar yigʻilishi tomonidan koʻrib chiqiladi. Tashqi boshqaruvchi barcha kreditorlarga tashqi boshqaruvchining hisobotini koʻrib chiqish boʻyicha kreditorlar yigʻilishi oʻtkazilishi toʻgʻrisida ushbu Qonunning 14-moddasida nazarda tutilgan tartibda xabar berishi shart. Tashqi boshqaruvchi kreditorlarga tashqi boshqaruv tartib-taomilining muddati tugashiga kamida oʻn besh kun qolganida yoki kreditorlar yigʻilishini chaqirishning belgilangan sanasiga kamida oʻn kun qolganida tashqi boshqaruvchining hisoboti bilan oldindan tanishish imkoniyatini berishi shart. Kreditorlar yigʻilishi tashqi boshqaruvchining hisobotini koʻrib chiqish natijalari boʻyicha quyidagi qarorlardan birini qabul qilishga haqli: qarzdorning toʻlov qobiliyati tiklanganligi va kreditorlar bilan hisob-kitob qilishga kirishganligi munosabati bilan tashqi boshqaruv tartib-taomilini tugatish toʻgʻrisidagi iltimosnoma bilan sudga murojaat etish haqidagi; kelishuv bitimi tuzish toʻgʻrisidagi; tashqi boshqaruv tartib-taomilining muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi iltimosnoma bilan sudga murojaat etish haqidagi; qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash toʻgʻrisidagi iltimosnoma bilan sudga murojaat etish haqidagi.