Tugatishga doir ish yuritish jarayonida tugatish boshqaruvchisi qarzdorning mol-mulkini inventarizatsiya qiladi va uning qiymatini belgilaydi. Tugatish boshqaruvchisi mazkur faoliyatni amalga oshirish uchun baholovchi tashkilotni va boshqa mutaxassislarni ularning xizmatlari uchun qarzdorning mol-mulki hisobidan haq toʻlagan holda jalb etishga, agar kreditorlar yigʻilishi yoki kreditorlar qoʻmitasi tomonidan haq toʻlashning boshqa manbai belgilanmagan boʻlsa, haqli. Ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi boʻlgan qarzdorning mol-mulki baholanayotganda baholovchi tashkilot jalb etilishi shart. Qarzdorning kreditorlari yigʻilishi yoki kreditorlari qoʻmitasi mazkur xizmatlar haqini toʻlash majburiyati zimmasiga yuklatiladigan, qilgan xarajatlarining oʻrni keyinchalik qarzdorning mol-mulki hisobidan navbatdan tashqari qoplanadigan shaxsni, agar uning oʻzi rozi boʻlsa, tayinlashga haqli. Agar tugatishga doir ish yuritish jarayonida haq toʻlash koʻchmas mol-mulk bilan amalga oshirilayotgan boʻlsa, mazkur mol-mulk, agar kreditorlar yigʻilishi yoki kreditorlar qoʻmitasi tomonidan boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa, uni sotishdan oldin baholovchi tashkilot tomonidan baholanadi. Qarzdorning majburiyatlar bajarilishining taʼminoti sifatida turgan mol-mulkini baholash baholovchi tashkilot tomonidan majburiy tartibda oʻtkaziladi.