Tugatishga doir ish yuritish tartib-taomilini oʻtkazish natijalari toʻgʻrisida tugatish boshqaruvchisi tomonidan taqdim etilgan hisobot koʻrib chiqilganidan keyin sud tugatishga doir ish yuritish tamomlanganligi haqida ajrim chiqaradi va tugatish boshqaruvchisining zimmasiga mazkur ajrimni yuridik shaxslarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni amalga oshiruvchi organga oʻn kun ichida taqdim etish majburiyatini yuklaydi. Sudning ajrimi yuridik shaxslarning yagona davlat reyestriga qarzdor tugatilganligi toʻgʻrisida yozuv kiritilishi uchun asos boʻladi. Yagona davlat reyestriga tegishli yozuv sudning mazkur ajrimi taqdim etilgan paytdan eʼtiboran uch ish kunidan kechiktirmay kiritilishi kerak. Yuridik shaxslarning yagona davlat reyestriga qarzdor tugatilganligi haqidagi yozuv kiritilgan paytdan eʼtiboran tugatish boshqaruvchisining vakolatlari tugatiladi, tugatishga doir ish yuritish tamomlangan, qarzdor esa tugatilgan deb hisoblanadi.