Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida 174-modda. Shaharni tashkil etuvchi hamda unga tenglashtirilgan korxonaning tashqi boshqaruvi tartib-taomili muddatini uzaytirish

Shaharni tashkil etuvchi hamda unga tenglashtirilgan korxonaning tashqi boshqaruvi mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organining iltimosnomasi mavjud boʻlgan taqdirda sud tomonidan koʻpi bilan bir yil muddatga uzaytirilishi mumkin. Shaharni tashkil etuvchi hamda unga tenglashtirilgan korxona faoliyatiga investitsiya kiritish, xodimlarni ishga joylashtirish, yangi ish oʻrinlarini yaratish yoʻli bilan hamda qarzdorning toʻlov qobiliyatini tiklashning boshqa usullari bilan korxonani moliyaviy jihatdan sogʻlomlashtirish rejasi tashqi boshqaruv tartib-taomilini ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan muddatga uzaytirish uchun asos boʻladi. Tegishincha mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organining, vazirlikning, idoraning va xoʻjalik boshqaruvi organining iltimosnomasiga koʻra qarzdorning pul majburiyatlari va (yoki) soliqlari hamda yigʻimlari yuzasidan kafillik berish sharti bilan shaharni tashkil etuvchi hamda unga tenglashtirilgan korxonaning tashqi boshqaruvi tartib-taomili muddati besh yilgacha uzaytirilishi mumkin. Bu holda qarzdor va uning kafili kreditorlar bilan hisob-kitob qilishga ushbu moddada nazarda tutilgan muddatlardan kechiktirmay kirishishi shart. Ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan talablarga rioya etilmasligi qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash uchun asos boʻladi.