Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida 176-modda. Shaharni tashkil etuvchi hamda unga tenglashtirilgan, bankrot deb topilgan korxonaning mol-mulkini sotish

Shaharni tashkil etuvchi hamda unga tenglashtirilgan korxonaning mol-mulki sotilayotganda tugatish boshqaruvchisi korxonani elektron onlayn-auksion shaklidagi dastlabki kimoshdi savdosida mulkiy majmua sifatida sotishga taklif etishi kerak. Agar shaharni tashkil etuvchi hamda unga tenglashtirilgan korxonaning mol-mulki mulkiy majmua sifatida sotilmagan boʻlsa, qarzdorning mol-mulkini sotish ushbu Qonunning 127-moddasiga muvofiq amalga oshiriladi. Tabiiy monopoliya subyekti boʻlgan qarzdor korxonaning tovarlarni ishlab chiqarish (ishlarni, xizmatlarni bajarish) va (yoki) realizatsiya qilish jarayonida foydalanadigan mol-mulki elektron onlayn-auksion shaklidagi kimoshdi savdosiga faqat mulkiy majmua sifatida qoʻyiladi. Tugatish boshqaruvchisi tugatishga doir ish yuritish amalga oshiriladigan davrda tabiiy monopoliya subyekti boʻlgan qarzdor korxonaning tovarlarini (ishlarini, xizmatlarini) yetkazib berish shartnomalarini bajarishni bunday shartnomalarning bajarilishini tugatish aholining hayot faoliyati yoki uzluksiz ishlab chiqarish jarayoniga ega boʻlgan korxonalar faoliyati sharoitlarini buzadigan hollarda taʼminlashi shart. Tabiiy monopoliya subyekti boʻlgan qarzdor korxonani tugatishga doir ish yuritish sudning qarori qabul qilingan va tugatish boshqaruvchisi tayinlangan sanadan eʼtiboran olti oydan kechiktirmay tamomlanishi kerak. Agar mazkur muddat tugaganidan keyin korxonaning mol-mulki sotilmay qolsa, tugatish boshqaruvchisi kreditorlar yigʻilishining qaroriga binoan, yigʻilish rad etgan taqdirda esa mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organining qaroriga binoan ushbu Qonunning 131-moddasida nazarda tutilgan tartibga muvofiq aktivlar oʻrnini almashtirish yoʻli bilan tugatishga doir ish yuritishni tamomlaydi.