Kuzatuv tartib-taomili joriy etilgan paytdan eʼtiboran muvaqqat boshqaruvchi qimmatli qogʻozlar bozorining qarzdor professional ishtirokchisiga oʻzlariga tegishli boʻlgan qimmatli qogʻozlarni boshqaruvga topshirgan qimmatli qogʻozlar bozoridagi investorlarga toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatilganligi va muvaqqat boshqaruvchi oʻz huquqini amalga oshira boshlaganligi haqidagi xabarnomani oʻzi tayinlangan paytdan eʼtiboran oʻn kunlik muddat ichida yuborishi shart. Mijozlarning qimmatli qogʻozlar bozori professional ishtirokchisi tasarrufida boʻlgan qimmatli qogʻozlari va boshqa mol-mulki tugatish massasiga kiritilmaydi. Agar tashqi boshqaruvchining yoki tugatish boshqaruvchisining mijozlar bilan kelishuvida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, tashqi boshqaruv yoki tugatishga doir ish yuritish tartib-taomili joriy etilgan paytdan eʼtiboran mijozlarning qolgan qimmatli qogʻozlari mijozlarga qaytarilishi lozim. Agar mijozlarning oʻziga tegishli bir turdagi (bir emitent chiqargan, bir toifadagi, bir turkumdagi, bir seriyadagi) qimmatli qogʻozlarni qaytarishga doir talablari qimmatli qogʻozlar bozori professional ishtirokchisining ixtiyoridagi mazkur qimmatli qogʻozlar miqdoridan ortiq boʻlsa, mazkur qimmatli qogʻozlarni mijozlarga qaytarish mijozlarning talablariga mutanosib ravishda amalga oshiriladi. Mijozlar talablarining qanoatlantirilmagan qismi pul majburiyatlari deb eʼtirof etiladi va ushbu Qonunning 11-bobida nazarda tutilgan tartibda qanoatlantiriladi (toʻlanadi). Qimmatli qogʻozlar bozori professional ishtirokchisining tashqi boshqaruvi tartib-taomili chogʻida tashqi boshqaruvchi oʻziga mijozlar tomonidan boshqaruvga topshirilgan qimmatli qogʻozlarni mijozlarning roziligi bilan va ularning nomidan qimmatli qogʻozlar bozorining boshqa professional ishtirokchisiga topshirishi mumkin.