Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida 225-modda. Kelishuv bitimi tuzilganligi munosabati bilan jismoniy shaxsning toʻlovga qobiliyatsizligi toʻgʻrisidagi ishni yuritishning oʻziga xos xususiyatlari

Kelishuv bitimini tuzish jismoniy shaxsning toʻlovga qobiliyatsizligi toʻgʻrisidagi ishni yuritishni tugatish uchun asos boʻladi. Jismoniy shaxsning toʻlovga qobiliyatsizligi haqidagi ishni yuritish jarayonida tuzilgan kelishuv bitimi tegishli vakolatli organning va (yoki) kreditorlarning kreditorlar talablari reyestriga kelishuv bitimini tuzish haqida qaror qabul qilgan kreditorlar yigʻilishi oʻtkazilgan sanada kiritilgan talablariga nisbatan tatbiq etiladi. Kelishuv bitimi sud tomonidan tasdiqlanadi. Kelishuv bitimi tuzilgan taqdirda jismoniy shaxsning qarzini tarkibiy jihatdan oʻzgartirish rejasining bajarilishi, shuningdek kreditorlarning talablarini qanoatlantirishga doir moratoriyning amal qilishi tugatiladi. Kelishuv bitimi tuzilganligi munosabati bilan jismoniy shaxsning toʻlovga qobiliyatsizligi toʻgʻrisidagi ishni yuritish tugatilganda: moliyaviy boshqaruvchining vakolatlari tugatiladi; jismoniy shaxs yoki kelishuv bitimida ishtirok etayotgan uchinchi shaxs kreditorlar oldidagi qarzni toʻlashga kirishadi. Kelishuv bitimining shartlari buzilganligi munosabati bilan toʻlovga qobiliyatsizlik haqidagi ish yuritish qayta tiklangan taqdirda, jismoniy shaxsni bankrot deb topish va uning mol-mulkini sotish tartib-taomili joriy etiladi.