Agar tegishli majburiyatlar va (yoki) toʻlov majburiyatlari yuzaga kelgan kundan eʼtiboran uch oy ichida qarzdor yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan bajarilmasa hamda qarzdor yakka tartibdagi tadbirkorga nisbatan talablar bazaviy hisoblash miqdorining kamida ikki yuz baravarini tashkil etsa, qarzdor yakka tartibdagi tadbirkorning pul majburiyatlari boʻyicha kreditorlar talablarini qanoatlantirish va (yoki) soliqlar hamda yigʻimlar boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarish imkoniyati yoʻqligi qarzdor yakka tartibdagi tadbirkorning toʻlovga qobiliyatsiz ekanligining alomatlari boʻladi. Qarzdor yakka tartibdagi tadbirkorni toʻlovga qobiliyatsiz deb topish toʻgʻrisidagi ariza sudga qarzdor yakka tartibdagi tadbirkor, kreditor, shuningdek davlat soliq xizmati organlari va boshqa vakolatli organlar tomonidan berilishi mumkin, bundan hayotga yoki sogʻliqqa yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash, alimentlarni undirish haqidagi talablar, shuningdek shaxsiy xususiyatga ega boshqa talablar bildiradigan kreditorlar mustasno. Qarzdor yakka tartibdagi tadbirkorni toʻlovga qobiliyatsiz deb topish tartib-taomili amalga oshirilayotganda kreditorlar hayotiga yoki sogʻligʻiga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash, alimentlarni undirish toʻgʻrisidagi talablar, shuningdek shaxsiy xususiyatga ega boshqa talablar yuzasidan oʻz talablarini taqdim etishga haqli. Mazkur kreditorlarning talablari, agar ular toʻlovga qobiliyatsizlik tartib-taomili qoʻllanilayotganda taqdim etilmagan boʻlsa, qarzdor yakka tartibdagi tadbirkorning toʻlovga qobiliyatsizligi toʻgʻrisidagi ishni yuritish tamomlanganidan keyin ham oʻz kuchini saqlab qoladi.