Sud toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ishda ishtirok etayotgan shaxsning arizasi asosida Oʻzbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksiga muvofiq kreditorlar talablarini taʼminlashga doir chora-tadbirlar koʻrishga haqli. Oʻzbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksida kreditorlarning talablarini taʼminlash boʻyicha nazarda tutilgan chora-tadbirlardan tashqari sud bitimlarni sud boshqaruvchisining roziligisiz tuzishni taqiqlab qoʻyishga, qimmatli qogʻozlarni, valyuta qimmatliklarini va boshqa mol-mulkni saqlash uchun uchinchi shaxslarga topshirishni qarzdorning zimmasiga yuklatishga hamda qarzdorning mol-mulki but saqlanishini taʼminlashga qaratilgan boshqa chora-tadbirlar koʻrishga haqli. Kreditorlarning talablarini taʼminlashga doir chora-tadbirlar tegishincha sud tomonidan toʻlovga qobiliyatsizlik tartib-taomillaridan birini joriy etish toʻgʻrisida yoki sud tomonidan qarzdorni bankrot deb topishni rad etish haqida qaror qabul qilinguniga qadar yoxud sud tomonidan kelishuv bitimi tasdiqlanguniga qadar amal qiladi. Sud ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan holatlar yuzaga kelguniga qadar kreditorlarning talablarini taʼminlashga doir chora-tadbirlarni bekor qilishga haqli. Sudning kreditorlar talablarini taʼminlashga doir chora-tadbirlar koʻrish haqidagi ajrimi ustidan toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ishda ishtirok etayotgan shaxslar tomonidan shikoyat berilishi (protest keltirilishi) mumkin.