Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida 48-modda. Qarzdorga nisbatan toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatish haqidagi ariza yuzasidan qarzdorning yozma fikri

Kreditor, davlat soliq xizmati organi yoki boshqa vakolatli organning qarzdorga nisbatan toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatish haqida arizasi qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi sud ajrimini olgan kundan eʼtiboran besh kunlik muddatda qarzdor, agar ushbu Qonunda boshqacha qoidalar belgilanmagan boʻlsa, sudga, arizachiga va toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ishda ishtirok etayotgan boshqa shaxslarga mazkur ariza yuzasidan yozma fikrini yuborishga, shuningdek arizada koʻrsatilmagan barcha kreditorlarni oʻziga nisbatan toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatilganligi haqida xabardor qilishga haqli. Qarzdorning sudga yuborayotgan yozma fikriga uning koʻchirma nusxasi arizachiga hamda toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ishda ishtirok etayotgan boshqa shaxslarga yuborilganligini tasdiqlovchi dalillar ilova qilinishi kerak. Qarzdorga nisbatan toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatish haqidagi ariza yuzasidan yozma fikrda Oʻzbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksida nazarda tutilgan maʼlumotlar koʻrsatilishi kerak. Qarzdorning yozma fikri mavjud emasligi toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ishning koʻrilishiga monelik qilmaydi.