Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida 49-modda. Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ishni sud muhokamasiga tayyorlash

Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ishni sud muhokamasiga tayyorlash Oʻzbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksida nazarda tutilgan tartibda, ushbu Qonunda belgilangan oʻziga xos xususiyatlar inobatga olingan holda sudya tomonidan amalga oshiriladi. Qarzdorga nisbatan toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatish haqidagi ariza tushgan kundan eʼtiboran sudya besh kundan kechiktirmay kuzatuv tartib-taomilini joriy etish haqidagi masalani hal qiladi. Kreditorlarning talablari yuzasidan qarzdor yoki muvaqqat boshqaruvchi yoxud davlat soliq xizmati organi yoki boshqa vakolatli organda eʼtirozlar mavjud boʻlsa, sudya ularning eʼtirozlari asosliligini tekshiradi. Sudyaning qarzdor yoki muvaqqat boshqaruvchi yoxud davlat soliq xizmati organi yoki boshqa vakolatli organ eʼtirozlari asosliligini tekshirishi toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqishning belgilangan muddati tugashiga kamida bir oy qolganda oʻtkaziladi. Sud qarzdor yoki muvaqqat boshqaruvchi yoxud davlat soliq xizmati organi yoki boshqa vakolatli organning eʼtirozlari asosliligini koʻrib chiqish natijalari asosida kreditorlar talablarini kreditorlarning talablari reyestriga kiritish haqida yoki ularni reyestrga kiritishni rad etish toʻgʻrisida ajrim chiqaradi. Ajrimda kreditorlarning, agar ularga nisbatan eʼtirozlar asossiz deb topilgan boʻlsa, talablari miqdori va ularni qanoatlantirish navbati koʻrsatiladi. Kreditorlarning talablari yuzasidan eʼtirozlarni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha sud chiqargan ajrim ustidan shikoyat berilishi (protest keltirilishi) mumkin. Mazkur ajrim ustidan shikoyat berilishi (protest keltirilishi) uning amal qilishini toʻxtatib qoʻymaydi. Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ishni sud muhokamasiga tayyorlash paytida, shuningdek toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ish koʻrilayotganda sud qarzdorning moliyaviy ahvolini aniqlash uchun ekspertiza tayinlashga haqli.