Toʻlovga qobiliyatsizlik tartib-taomillari jarayoni haqidagi maʼlumotlar ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinishi shart. Toʻlovga qobiliyatsizlik tartib-taomillari jarayoni haqidagi maʼlumotlarni eʼlon qilish bilan bogʻliq xarajatlarning oʻrnini qoplash, agar ushbu Qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, qarzdorning mol-mulki hisobidan amalga oshiriladi. Qarzdorda eʼlon qilish xarajatlarining oʻrnini qoplash uchun yetarli mol-mulk mavjud boʻlmasa, xarajatlarning oʻrnini qoplash kreditorlar yigʻilishining yoki kreditorlar qoʻmitasining qaroriga muvofiq amalga oshiriladi. Agar qarzdorning kreditorlari soni ellik nafardan ortiq boʻlsa yoki ularning sonini aniqlash mumkin boʻlmasa, qarzdorga nisbatan qoʻllaniladigan har bir toʻlovga qobiliyatsizlik tartib-taomili boshlanishi haqidagi maʼlumotlar ham ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinishi shart. Kreditorlar yigʻilishining yoki kreditorlar qoʻmitasining qarori asosida eʼlon qilinishi shart boʻlgan maʼlumotlar boshqa ommaviy axborot vositalarida ham eʼlon qilinishi mumkin. Toʻlovga qobiliyatsizlik tartib-taomillari jarayoni haqida eʼlon qilingan maʼlumotlarda quyidagilar koʻrsatilishi kerak: qarzdorning nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi) va uning joylashgan yeri (pochta manzili), elektron pochta manzili (mavjud boʻlgan taqdirda); sud hujjatini qabul qilgan sudning nomi, shu sud hujjati qabul qilingan sana va joriy qilingan toʻlovga qobiliyatsizlik tartib-taomilining nomi, shuningdek toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ishning tartib raqami; tayinlangan sud boshqaruvchisining familiyasi, ismi, otasining ismi va uning pochta manzili, elektron pochta manzili (mavjud boʻlgan taqdirda); toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrish boʻyicha keyingi sud majlisining sud tomonidan belgilangan sanasi; qarzdorning qarzini toʻlash istagini bildirgan shaxslarning sud boshqaruvchiga murojaat qilishi mumkinligi toʻgʻrisidagi maʼlumot; ushbu Qonunda nazarda tutilgan boshqa axborot.