Sud toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ishni yuritishni quyidagi hollarda tugatadi: sud sanatsiyasi tartib-taomili jarayonida qarzdorning toʻlov qobiliyati tiklanganda; tashqi boshqaruv tartib-taomili jarayonida qarzdorning toʻlov qobiliyati tiklanganda; kelishuv bitimi tuzilganda; toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ishda ishtirok etuvchi barcha kreditorlar bildirilgan talablaridan voz kechganda; kreditorlarning talablari reyestriga kiritilgan kreditorlarning barcha talablari har qanday toʻlovga qobiliyatsizlik tartib-taomili jarayonida qanoatlantirilganda. Sud qonunga muvofiq boshqa hollarda ham toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ish yuritishni tugatishi mumkin. Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ishni yuritishni tugatish haqida sud ajrimi chiqarilgan sanadan eʼtiboran sud boshqaruvchisi davlat soliq xizmati organini ushbu ajrim toʻgʻrisida uch ish kuni ichida yozma shaklda xabardor qiladi.